Salib yurishlari

Salib yurishlari — 1096-1270-yillarda Gʻarbiy Yevropa zodagonlari va katolik cherkovi tomonidan Yaqin Sharqqa (Suriya, Falastin, Shimoliy Afrika) qilingan bosqinchilik urushlari. Salib yurishlarining bosqinchilik mohiyati diniy shiorlar (gʻayridin (musulmonlar)larga qarshi kurash va „xudo qabri“ hamda „muqaddas yer“ (Falastin)ni ozod qilish) bilan niqoblangan.

Salibchilar, odatda, kiyimlariga salib (xoch) belgisini tikib olishgan (yurishlarning nomi shundan). XI-asrning soʻnggi choragida saljuqiylar tomonidan Vizantiyaning Kichik Osiyodagi yerlarini hamda diniy anʼana boʻyicha „muqaddas shahar“ boʻlgan Quddusni egallab olishlari salibchilarning Oʻrta dengizning sharqidagi yerlarga bostirib kirishiga sabab boʻlgan. Vizantiya saljuqiylarga qarshi kurashish uchun Gʻarbdagi davlatlardan bir necha bor harbiy yordam soʻragan. Salib yurishlarining bevosita tashkilotchisi boʻlgan Rim papasi bundan foydalangan. Papalar katolik cherkovining taʼsirini kuchaytirish va kengaytirish, pravoslav cherkovini Rimga boʻysundirish maqsadida diniy fanatizmni avj oldirganlar. Salibchilarning koʻpchiligini qashshoqlashib qolgan ritsarlar, yirik senʼorlar hamda dehqonlar tashkil qilgan.

Birinchi salib yurushi (1096—1099) 1095-yil Klermonda papa Urban II tomonidan eʼlon qilingan. Yigʻilgan odamlarga quyidagicha murojaat qilgan: "U yerga borgan har bir kishi, vafot etgan taqdirda, gunohlari kechiriladi. Ular kofirlarga qarshi moʻl-koʻl neʼmatlar keltiradigan jangga chiqsinlar… U yerning daryolarida sut va asal oqadi. Ha, oldin qaroqchi boʻlganlar, oʻz birodarlari va qabilalariga qarshi kurashganlar jangchilarga aylanadi. Bu yerda oʻkinganlar, u yerda boy boʻladi". 1099-yil iyulda salibchilar saljuqiylardan Quddus (Iyerusalim) shahrini tortib olishgan va Quddus qirolligini tashkil etishgan.

Ikkinchi salib yurushi (1147—49)ga 1144-yil saljuqiylarning Edessa shahrini bosib olishlari bahona boʻlgan. Bu yurish magʻlubiyatga uchragan.

Uchinchi salib yurishlari (1189—92)ning boshlanishiga 1187-yil Misr sultoni Salohiddin tomonidan Quddusning egallab olinishi sabab boʻlgan. Bu yurish ham barbod boʻlgan.

To'rtinchi salib yurushi (1202—04)ni 1199-yil papa Innokentiy III uyushtirgan. Uning natijasida fransuz, nemis va italyan salibchilari dastlab Misrga moʻljallangan yurishning yoʻnalishini oʻzgartirib, xristianlar yashaydigan shaharlar — Zadar (Dalmatsiya, 1202-yil noyabr, Konstantinopol (Vizantiya poytaxti, 1204-yil, aprel))ni bosib olib, Lotin imperiyasini tuzishgan.

Beshinchi (1217—21), Oltinchi (1228—29), Yettinchi (1248— 54), Sakkizinchi (1270), Toʻqqizinchi (1271-72) salib yurishlari samarasiz boʻlgan. 1291-yilda Akra shahrining musulmonlar qoʻliga oʻtishi natijasida salibchilar Sharqdagi mulklarini butunlay yoʻqotganlar.

Nemis zodagonlarining XIIXIII-asrlarda slavyanlar va boshqa Boltiqboʻyi xalqlariga qarshi yurishlari hamda 1209—29-yillarda papalik tashabbusi bilan Shimoliy Fransiya ritsarlarini Janubiy Fransiyadagi diniy harakat qatnashchilari — albigoychilarga qarshi Albigoy urushlarini ham koʻpincha Salib yurishlari deb atashadi.[1]

Bu sahifa oʻzbek vikipediya rivojlanishi birinchi bosqichidan oʻtgan.

Done

Agar siz ushbu maqola sifatidan mamnun boʻlmasangiz, ushbu sahifada fikrlaringizni yozib qoldiring.


Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



Strategi Solo vs Squad di Free Fire: Cara Menang Mudah!