Kutubxona

Zamonaviy kutubxona. Shamberi, Fransiya.

Kutubxona (arab. kutub - "kitoblar", fors. xona - "uy") axborot yigʻiladigan joydir. Bunda axborot kitob, gazeta, jurnal, video- va audio tasma, optik disk va h.k shaklda boʻlishi mumkin. Kutubxonalar tashkilot (jamoat) yoki jismoniy shaxs (shaxsiy kutubxona) tomonidan tashkil etilishi mumkin.

Kutubxona — bosma va ayrim qoʻlyozma asarlardan ommaviy foydalanishni taʼminlovchi madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasa; muntazam ravishda bosma asarlar toʻplash, saqlash, targʻib qilish va kitobxonlarga yetkazish, shuningdek, axborot-bibliografiya ishlari bilan shugʻullanadi, ommaning madaniy saviyasini oshirishda faollik koʻrsatadi. Kitobxonlarga xizmat koʻrsatish K.ning asosiy faoliyati boʻlib, qolgan barcha faoliyatlar (kitob fondini buklash va uni tashkil etish, fond mazmunini yoritish, uni kitobxonlarga yetkazish kabilar) asosiy faoliyat uchun xizmat kiradi. Kitobxonlarga xizmat koʻrsatishning asosiy maqsadi ularni axborot va adabiyotga boʻlgan talablarini imkon boricha toʻliq qondirish va adabiyot tanlashlariga yordam berishdan iborat. Har bir K. oʻz turiga koʻra kitobxonlarni tabaqalarga boʻlib, alohida kitobxonlar guruhlariga ajratgan holda xizmat koʻrsatishni tashkil qiladi. Adabiyotlar targʻibotining barcha shakl va usullari kitobxonlar talabini imkon qadar toʻliq va tezkorlik bilan qondirishga qaratiladi.

Yozuvning paydo boʻlishi va hujjatli manbalarni, ayniqsa, qoʻlyozma va keyinchalik bosma kitoblarning koʻpayishi K.larning yuzaga kelishi va rivojlanishiga sharoit yaratdi. K.lar yozma yodgorliklarni saqlovchi xazina sifatida juda qadimda paydo boʻlgan. Miloddan avvalgi 2-ming y.likda sopol bitiklari saqlangan K.lar boʻlgan. Miloddan avvalgi 7-asr oʻrtalarida Sharqdagi koʻp saroylarda, Qad. Misr va Rim ibodatxonalari qoshida K.lar boʻlgan. Qad. davrdagi K.lardan eng mashhuri Aleksandriya (Iskandariya) kutubxonasidir.

Gʻarb. Yevropada ilk oʻrta asrlarda monastr va ibodatxonalar qoshida K.lar tashkil etilgan. Kitob bosishning ixtiro qilinishi K.lar rivojlanishida yangi davrni boshlab berdi. Sarbonna, Geydelberg universitetlari qoshida, shuningdek, Vatikan K., Parijdagi Qirollik K. kabi K.lar paydo boʻla boshladi.

Oʻzbekiston hududida miloddan avvalgi 1-ming yillikning soʻnggi asrlarida dastlabki K.lar paydo boʻlgan. Dastlabki K.lar hukmdorlar saroylarida va ibodatxonalarda tashkil etila boshlangan. Turon xalqlari Misr, Eron, Yunon va ularga qoʻshni boʻlgan xalqlar bilan yaqin aloqalar oʻrnatgan, oʻsha davrlardagi mavjud qoʻlyozmalar bilan ham tanish boʻlgan. Oʻzbekiston xalqlarining qad. yozma yodgorliklari saqlanmagan. Beruniyning xabar berishicha, kitob xazinalari va ularni saqlovchilar turli istilo'lar davri (7—9-asrlar)da yoʻq qilib yuborilgan. 9—10-asrlarda Oʻrta Osiyoda fan va madaniyat rivojlandi. Buxoro, Samarqand, Marv, Urganch va boshqa yirik shaharlar hukmdorlari saroylarida K.lar barpo etildi. Ayniqsa, Buxoroda koʻp K.lar mavjud boʻlgani haqida maʼlumotlar bor. Ulardan eng mashhuri, eng boy va yirigi Somoniylar sulolaviy K.si edi. Madrasa va masjidlar qoshida ham K.lar boʻlgan. Moʻgʻullar istilosi arafasida Marv shahrida 10 ta yirik K. boʻlganligi haqida maʼlumotlar bor. 13-asrda Samarqand, Buxoro, Fargʻona, Balx va boshqa shaharlar madaniyat markazlari, olimlar toʻplanadigan joy boʻlib, ularda yirik K.lar mavjud edi.

14-asrning 2-yarmidan Oʻrta Osiyoda madaniy hayotning yangidan yuksalishi K.larning qayta tiklanishida ham namoyon boʻldi. 14-asr oxirida Shayx Muhammad Porso umum uchun ochgan maskan vaqf K.si tarzida 19-asr 40-yillarigacha faoliyat koʻrsatgan. Buxoro, Samarqand, Qarshi, Xiva va boshqa shaharlardagi katta madrasalarda K.lar boʻlgan, ularning fondlari madrasaning qad. va nufuziga qarab turlicha boʻlgan. Baʼzi tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Beruniy, Ibn Sino, Firdavsiy, Zamaxshariy, Umar Xayyom qabilarning shaxsiy K.lari, Alisher Navoiyning qimmatbaho qoʻlyozmalarga boy yirik K.si, Abdurahmon Jomiyning shaxsiy K.si mashhur boʻlgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Buxoroda 3 ta eng boy shaxsiy K. boʻlib, ulardan qozi Muhammad Sharif Sadr Ziyoning K.si bizgacha toʻliq saqlanib qolgan. 20-asr boshlarida mahalliy oʻzbek va rus ziyolilari general Joʻrabek, Dukchi Eshon nomi bilan mashhur Muhammadali xalfa Sobir oʻgʻli, V. L. Vyatkin, vrach G. M. Semenov, Abdurauf Fitrat va boshqalarning shaxsiy K.lari boʻlgan.

20-asr 10—20-yillari Turkiston hududida 2 ta xalq K. si, bir necha shahar K.lari va boshqa mavjud boʻlgan. Mahalliy aholi vakillari milliy yoʻnalishdagi 2 ta K. va madrasalar huzuridagi K.lardan foydalangan. Shu K.lar oʻz davrida davlat K.sini tashkil etishda asosiy negiz boʻlib xizmat qildi. Hozirda ommaviy, ilmiy va maxsus K.lar tizimi shakllangan va faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

OʻzRda K.ning ommaviy, ilmiy va maxsus turlari bor. Ommaviy K.lar adabiyotlarni saralash va keng kitobxonlar ommasiga yetkazish, faoliyatida turli kitobxonlar guruhlariga moʻljallangan kitoblarni targʻib qilish va oʻqishni boshqarishda faol va taʼsirchan usullarni qoʻllaydi. Bu guruhga Oʻzbekiston Madaniyat ishlari vazirligi tizimidagi shahar va qishloq K.lari, kasaba uyushmalarining korxonalardagi K.lari, klublar, madaniyat uylaridagi K.lar kiradi.

Ilmiy va maxsus K.lar fan, iqtisodiyot va madaniyatning turli tarmoqlaridagi olimlar va mutaxassislarga xizmat koʻrsatadi, shuningdek, oliy va maxsus oʻquv yurtlari talabalarining ehtiyojlarini qondiradi. Ilmiy K.larga yirik davlat, akademiya, universitet va tarmoqlar K.lari; maxsus K.larga texnika K.lari, muassasalar, ilmiy tadqiqot institutlari, oliy oʻquv yurtlari va hokazodagi K.lar kiradi. Saqlanayotgan adabiyotlar tarkibiga qarab K.ni universal, koʻp sohali va soha K.lariga ajratish mumkin. K.lar oʻz navbatida, faoliyati, mintaqaviy darajasiga, mansubligiga qarab yana turlarga boʻlinadi (milliy K., davlat K.si, viloyat K.si, oʻsmirlar K.si, qishloq xoʻjaligi K.si va boshqalar). Fan-texnika taraqqiyoti sharoitida alohida K.kitobxonlarning talablarini qondirishga qodir emas. Shuning uchun K.larni birgalikda faoliyat koʻrsatish jarayoni kuzatilmoqda. Bu K. tarmoqlarini markazlashtirishda namoyon boʻlmoqda.

Har qanday K.ning asosiy vazifasi kitob fondini jamlash, joylashtirish hamda kitobxonlarga xizmat qilishdan iborat. Kitob fondini jamlash uchun ushbu K.ga kerakli nashrlar muntazam kuzatib boriladi, aniqlanadi va ularni K.ga olish kutubxona kollektori orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yirik K.lar bosma nashrlarning toʻliq yoki qisman nazorat nusxasini olish huquqiga ega, shuningdek, ular uchun mamlakat ichida va chet mamlakatlardan kitoblar sotib olish imkoni yaratiladi. Kitobxonlarga xizmat koʻrsatish darajasi K. fondini toʻliq toʻplashga birmuncha bogʻliq.

Kitob fondini toʻgʻri tashkil qilish (hisobga olish, joylashtirish, saqlash va kitobxonga yetkazish) kitobxonga adabiyotdan foydalanishni, kutubxonachiga esa kitobxonga tez xizmat koʻrsatishni, fondni ijtimoiy mulk sifatida saqlashni taʼminlaydi.

Kitobxonga xizmat koʻrsatishning turli yoʻllari mavjud: kitobxonga abonement, qiroat xona hamda koʻchma K. orqali kitob berish; ayrim kitobxon va korxonalarga kitob tanlashda yordam berish; kutubxona katalogi tizimi orqali kitob fondini yoritish; turli xil axborot-bibliografiya qoʻllanmalari tuzish va hokazo.

Zamonaviy ilmiy texnika taraqqiyoti K.lar ishini murakkablashtirmoqda. Koʻplab bosma asarlarni ishlab chiqarishning beqiyos darajada oʻsishi K.lar oldiga koʻp hajmdagi nashrlarni tanlash, saralash va oqilona saqlash, kompyuterlar vositasida izlab topish va tezda kitobxonga yetkazish masalalarini koʻndalang qoʻyadi.

K.lar faoliyati sharoitidagi oʻzgarishlar avvalgi sermehnat anʼanaviy K. texnikasini mexanizatsiyalash va av-tomatlashtirish bilan almashtirish vazifasini dolzarb qilib qoʻymoqda. 50— 60-yillardan K.larni texnika bilan taʼminlash birmuncha oʻsdi. Ayrim K. ichki jarayonlari (yirik K.larda koʻp kitoblarni harakatlantirish) konveyer va koʻtargichlar yordamida amalga oshiriladi, kitob fondlaridan birgalikda foydalanishda zamonaviy uslublarni qoʻllash, eng yangi texnika (jumladan, EHM)dan foydalanish va boshqa qoʻllanilmoqda. Yangi K. anjomlari joylardan unumli foydalanishni, kutubxonachi mehnatining unumdorligini oshirishni taʼminlamoqda, kitobxonlarni adabiyotlar ustida ishlashini yengillashtirishga yordam bermoqda hamda ishlab chiqarish estetikasi talablariga toʻliq javob beradi.

Zamonaviy texnika kutubxonachini qoʻl mehnatidan ozod etib, uni asosiy vazifasi — kitobxonlar bilan madaniy tarbiyaviy ishlar olib borishga koʻproq vaqt ajratishga imkon yaratmoqda. Dunyodagi eng yirik K.lar: AQShning Kongress K.si (Vashington), Britaniya K.si (London); Fransiya, Avstriya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning milliy K.lari, Rossiyadagi Rossiya davlat K.si (Moskva), Rossiya milliy K.si (Sankt-Peterburg) va boshqa, Oʻzbekistonda Oʻzbekiston milliy kutubxonasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Asosiy kutubxonasi, Oʻzbekiston milliy universitetining Asosiy kutubxonasi, "Turon" kutubxonasi va boshqa

Adabiyotlar

  • Oʻzbekistonda kutubxonachilik ishi, T., 1989; Qosimova O., Oʻzbekistonda kutubxonachilik ishi tarixi, T., 1992; Oxunjo-nov E. O., Turkistonda Oʻrta asr kutubxonachilik va bibliografiya ishlari mada-niyati, T., 1994.

Mirali Maxmudov.[1]

Internetdagi elektron kutubxonalar

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil



Strategi Solo vs Squad di Free Fire: Cara Menang Mudah!