Kitob — axborotlarni gʻoya, obraz va bilimlarni saqlash hamda tarqatish, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, estetik qarashlarni shakllantirish vositasi; bilimlar targʻiboti va tarbiya quroli; badiiy, ilmiy asar, ijtimoiy adabiyot. Xalqaro statistikada yutuk tavsiyasiga koʻra, hajmi 48 sahifadan kam boʻlmagan, taboqlab tikilgan nodavriy nashrni, shartli ravishda, Kitob. deyish qabul qilingan.
K.ning paydo boʻlish tarixi yozuvning yaratilishi va shakllanishi jarayoni bilan uzviy bogʻliq. Yozuvning toʻzilish xususiyatlari (belgilar tizimi, ularning joylashish tartibi), yozuv materiali va qurolining oʻziga xos tomoni va boshqa maʼlum darajada K. tuzilishini ham belgilab berdi. Qad. Misr, Rim, Yunoniston va Oʻrta Osiyoda kishilar tosh, palma daraxti barglari, sopol va boshqa materiallarga yozib fikr almashganlar. Har bir K. oʻnlab shunday materiallardan tayyorlangan plitalardan iborat boʻlib, ogʻirligi bir necha kg boʻlgan. Yozuv materiali sifatida papirus usimligi ishlatilishi (miloddan avvalgi 4—3 ming yilliklarda) bilan oʻrama K.lar paydo boʻldi. Bunday K.larning oʻzunligi oʻrtacha 10 m atrofida boʻlib, ingichka, yumaloq tayoqlarga oʻralgan va maxsus charm yoki yogʻoch gʻiloflarda saqlangan. Sharq mamlakatlari, Qad- Rim va Yunonistondagi koʻpgina nodir asarlar papirusga bitilgan. Miloddan avvalgi II asrga kelib K. materiali sifatida pergament (teri)dan foydalanish keng tarqaldi. Dastlab bunday K. oʻrama holda saqlangan. Ayrim maʼlumotlarga Qaraganda, Oʻrta Osiyoda, xususan, Xorazmda miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmida vujudga kelgan zardoʻshtiylik dinining muqaddas kitoblaridan Avestoning qad. nusxasi ham 12 ming qora mol terisiga bitilgan. Arablarning Oʻrta Osiyodagi istilosiga qadar (8—10-asrlar) u yerda koʻp nodir K.lar saqlangan kutubxonalar boʻlgan. Lekin ularning koʻpi bosqinchilik urushlari natijasida yoʻqotib yuborilgan. 2—4-asrlardan boshlab Qad. Rimda xuddi hozirgi K.larning varaqalari singari buklab, tikib tayyorlangan va bir-biriga biriktirilgan, muqovali K.lar — kodeks paydo boʻldi. Ular dastlab papirus, soʻng pergamentga yozilgan. Bunday K.lar ogʻir va besunaqay edi. 6-asrdan boshlab kodeks shakli asosida hozirgi koʻrinishdagi K.lar paydo boʻldi. Teriga ishlangan noyob K.lardan biri — Mus-hafi Usmon Kurʼonidir. Qurʼoni karimning bu nusxasi 644—656 yillarda xalifa Usmon koʻrsatmasi bilan Muhammad (sav)ning kotiblari Zayd ibn Sobit, Amir ibn alOʻs va Hishom ibn Hakimlar tomonidan kufiy xatida yozilgan. Mazkur qoʻlyozma K. Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan. Jami 353 varaq, hajmi 68x53x22 sm. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanadi.
Qogʻozning kashf qilinishi K. tarixida yangi davr ochdi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, 650 yillardayoq Samarqandda qogʻozli K.lar boʻlgan. 13-asrdan Yevropada qogʻoz asosiy yozuv materiali boʻlib qoldi. Qogʻoz K.ning koʻpayishiga va tarqalishiga yangi imkoniyat ochdi. K. bezashga alohida ahamiyat berildi. Uning sahifalariga turli miniatyuralar, hoshiyalariga bezaklar ishlana boshladi. Asta-sekin xattotlik (kalligrafiya), muqovasozlik kabi kasblar ajralib chiqdi. Ayniqsa, Oʻrta Osiyoda oʻrta asrlarda xattotlik sanʼati keng rivojlandi. Mashhur xattotlarning koʻp avlodlari K. tayyorlash usulini — materiallar, siyoh, xat koʻchirish texnikasini takomillashtirib bordilar.
10—12-asrlarda Movarounnahrda muayyan soha sifatida shakllangan kitobat sanʼati 14—15-asrlarda yangi taraqqiyot bosqichiga kutarildi. Har bir K. qogʻozidan tortib muqovasigacha, siyoxdan to buyoqlari-yu zarhaligacha maʼlum meʼyordagi modda, reja va qoida asosida tayyorlanadi, hatto K.dan xushboʻy hid anqib turishi uchun baʼzan siyohga gulob yoki anbar qoʻshilardi. Qoʻlyozmalar nafis husnixat, zarafshon (tilla suvi sochish), suvli buyoqlar bilan hoshiyaga nafis naqshlar ishlab badiiy bezatildi. 15—16-asrlarda bir qancha isteʼdodli xattot, musavvir, lavvoh va saxdoflar (Abdurahmon Xorazmiy, Sultonali Mashqadiy, Sultonali Xandon, Mirali qilqalam va boshqalar) yetishdi. Hirot xattotlariga ustozlik qilib, kitobat sanʼati ravnaqiga ulkan hissasini qoʻshgan xushnavis xattotlardan Sultonali Mashhadiy edi. U Nizomiy, Hofiz, Saʼdiy, Navoiy, Husayn Boyqaro va boshqalarning asarlarini koʻchirib shuhrat qozondi. Sultonali tomonidan koʻchirilgan 50 dan ziyod K. bizning davrimizgacha yetib kelgan. Temuriy hukmdorlar devonxonalari qoshida, xususan, Samarqand, Hirotda maxsus saroy kutubxonalari tashkil etilgan. Bunday kutubxonalar oʻrta asrning oʻziga xos hunarmandchilik korxonasi boʻlib, ularda qoʻlyozma K.larni toʻplash va saqlash bilan birga K. sozlik bilan bogʻliq boʻlgan bir qancha amaliy ishlar bajarildi. Bunday saroy kutubxonalarining boshliklari „kutubxona dorugasi“ yoki „kitobdor“ deb atalgan. Ularning qoʻl ostidagi koʻplab xushnavis xattot, naqqosh-musavvirlar, lavvoh, sahhoflar K. yaratishga doir turli vazifalarni bajarishgan. Mas, 15-asrning 1-yarmida Hirotda Ulugʻbekning ukasi Boysunqur kutubxonasida 40 xattot va bir qancha naqqosh qoʻlyozma asarlardan nusxalar koʻchirish va ularni bezash bilan band boʻlgan. Har bir qoʻlyozma K. bir necha mutaxassis qoʻlidan oʻtardi. 1425—29 yillarda Jaʼfar Boy-sunquriy tomonidan Abulqosim Firdavsiyning mashhur „Shohnoma“ asari koʻchirilib, 20 ta turli mazmundagi rangdor miniatyuralar bilan bezatilgan. Noyob sanʼat asari sifatida bu K. Tehron muzeyida saqlanadi. Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy saroy kutubxonasi ham oʻz davrida mashhur boʻlgan. Navoiy badiiy qoʻlyozma sanʼatini rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi. Uning bevosita koʻmagi bilan Behzod, Sultonali Mashhadiy, Shoh Muzaffar kabi oʻnlab K.soz ustalar yetishib chiqdi. Bu ustalarning uslub va anʼanalari keyingi yillardagi kalligrafiya sanʼatining asosini tashkil etdi. Turkistonda xattotlik yoʻli bilan K. tayyorlash oʻzoq vaqt davom etdi. Hatto K. bosish kashf qilingandan keyin ham, dastlabki vaqtlarda K.lar qoʻlyozma yoʻli bilan koʻpaytirilar edi.
K. nusxalarini ommaviy koʻpaytirish yoʻlidagi izlanishlar natijasida ksilografiya paydo boʻldi. 15-asrning 40-yillarida Germaniyada Iogann Gutenberg tomonidan K. bosish ixtiro qilinishi K. taraqqiyotida yangi davr ochdi. K. bosish texnikasi asta-sekin takomillashib, boshqa mamlakatlarda ham tarqala boshladi (qarang Kitob bosish, Bosmaxona).
Turkistonda bosma usuli bilan K. chiqarish Oʻrta OsiyoRossiyaga qoʻshib olingandan keyin tarqaldi. 1868-yil ToshkentdaTurkiston harbiy okrugi shtabining bosmaxonasi tashkil etildi. Shu bosmaxonada nashr etilgan rus olimi va sayyohi N.A.Seversovning „Chu va Norin tizmalari etagidagi togʻli oʻlka toʻgʻrisida lavhalar“ (rus tilida) kitobi Turkistondagi ilk bosma K.dir. Oʻzbek tilidagi birinchi bosma K. Shohimardon Ibrohimovning 1871-yil Xivada bosilgan „Kalendar“idir. Birin-ketin Turkistonning boshqa shaharlarida ham xususiy litografiyalar tashkil etildi. Boʻlardan Otajon Abdalov (Xivada), Semyon Laxtin (Toshkentda), Gʻulom Hasan Orifjonov (Toshkentda) litografiyalari mashhur. Bu bosmaxonalarda adabiy, falsafiy, diniy, tarixiy asarlar va darsliklar chiqarildi.
Oktabr toʻntarishidan soʻng sovet tuzumi davrida K. bosish ishi birmuncha rivojlanib, ommaviy K.lar yaratish ishiga katta ahamiyat berildi. Lekin K.ga, boshqa ommaviy axborot vositalari kabi, KPSS va Sovet hukumatining qudratli mafkuraviy quroli sifatida qaraldi. Shu maqsadda juda koʻp nomda va nusxada marksizm-leninizm asarlari, ijtimoiy siyosiy, badiiy, ilmiy K.lar nashr etildi. Ayni vaqtda, 20—30-yillarda, Oʻzbekistonda asrlar mobaynida saqlanib kelingan qoʻlyozma K.lar, ayniqsa diniy, tarixiy mazmundagi K.lar, keyinroq katagʻonga uchragan oʻzbek yozuvchilarining asarlari yoʻq qilina boshlandi: oʻtda kuydirildi, suvga tashlandi.
Istiqloldan keyingi yillarda K. mahsulotlari mavzu-mundarijasida keskin oʻzgarish boʻldi. Tarixiy, diniy, milliy qadriyatlarga taalluqli K.lar nashriga alohida ahamiyat berildi. Qurʼoni karimning oʻzbek tilidagi tarjimasi ikki bor nashr etildi (1991-yil, „Choʻlpon“ nashriyotida; 2001-yil, Toshkent Islom universiteti nashriyotida). Imom Buxoriyning 4 jildli „Hadis“lari (1991—96 yillar, Komuslar Bosh tahririyati), Amir Temur mavzui bilan bogʻliq oʻnlab K.lar chiqarildi. Alisher Navoiyning 20 jildli toʻla asarlari (1998 — 2002, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi „Fan“ nashriyoti) chop etildi. Turli nashriyotlarda Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Najmiddin Kubro, Mahmud az-Zamaxshariy, Ulugʻbek, Yassaviy, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Munavvarqori, Fitrat, Usmon Nosir va boshqalarning asarlari, 33 jildli „Xotira“ K.i chiqarildi. „Oʻzbekiston“ nashriyotida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 10 jildli Asarlari nashr qilindi (1997—2002). Mavjud nashriyotlar ommaning talabehtiyojlaridan kelib chiqib badiiy, ilmiy, ommabop, darslik va boshqa tur K.lar nashr etmoqdalar. K.larning badiiy va matbaa ijrosi ham jahon andozalari talablariga javob beradigan darajada yuksalib bormokda (yana qarang Noshirlik).
K.larning toʻzilishi va turlari. Hozirgi K.lar oʻquvchilar talabi va estetik didiga koʻra muayyan shaklga ega. K. sahifalarga ajratilib, oʻrtasidan tikiladi va muqovalanadi. Muqovaning K. sahifalari bilan biriktirilgan qismi forzats deyiladi. Ayrim hollarda muqovani saqlash va bezak sifatida muqovaga jild (superoblojka) kiygiziladi. K.ning bosh qismida sarvaraq (titul list) boʻladi. Unda muallif ismsharifi, K.ning nomi, nashr etilayotgan joyi, yili, nashriyot nomi va boshqa yoziladi. Sarvaraq qoʻsh sahifada boʻlishi mumkin; bu holda u K.ning 2-(muqobil sarvaraq) va 3-betlarini egallaydi. Sarvaraq maʼlumotlarining ayrimlari K.ning l-sahifasi — peshvarak, (avantitul)da ham yozilishi mumkin. Sarvaraqning orqa sahifasiga kitob belgisi qoʻyiladi.
Adabiyotlar
Katsprjak Ye. I., Istoriya knigi, M., 1964;
Sidorov A. A., Kniga i jizn, M., 1972;
Lyublinskiy B. C., Kniga v istorii chelovecheskogo obshestva, M., 1972;
Rustamov M., Oʻzbek kitobi, T., 1968;
Murodov A., Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan, T., 1971;