Fargʻona vodiysi yer yuzasi tuzilishini bir necha pogʻona (zona)ga boʻlish mumkin. Relyefining birinchi pogʻonasi soylikning markaziy qismini va Sirdaryoning hozirgi oʻzanigacha boʻlgan 300-400 m balandlikdagi yerlarni egallagan. Bu hududda 200 km masofadagi nishablik sharq, janubiy-sharq va janubidan gʻarbga tomon 80 m ga teng. Dengiz yotqiziqlari ustida akkumulyativ jinslar, keyingi davrlarning koʻl yotqiziqlari, shamol olib kelgan jinslar keng tarqalgan. Bu pogʻonada shoʻrxoklar, koʻllarning oʻrni, qumli tepaliklar uchraydi.
Soylikning ikkinchi pogʻonasi daryo va soylarning keng yoyilmalarini egallagan toshshagʻalli maydonlardan iborat (400-600 m). Toʻrtlamchi davr allyuvial yotqiziqlari keng tarqalgan boʻlib, ular soylik atrofini halqa kabi oʻrab olgan.
Relyefning uchinchi pogʻonasini balandligi 600-1200 m boʻlgan adirlar zonasi tashkil qiladi. Fargʻona vodiysi yuzasi janubdan oʻrab turgan Konibodom, Shoʻrsuv, Rishton, Chimyon, Avval, Muyan adirlari toshshagʻallardan iborat yotqiziqlardan, Navkat va sharqiy adirlari lyoss va lyosslashgan gil jinslardan tuzilgan, katta-katta qoyasimon jarliklar, qulamalar ushbu hudud relyefi uchun xosdir. Shimoliy Fargʻonadagi Namangan, Chuyet, Pop adirlarining janubiy yonbagʻirlari Sirdaryo vodiysi tomon zinapoyasimon pasaygan. Adirlar ortidagi tekisliklar allyuvial jinslar bilan qoplangan. Vodiyni oʻrab turgan togʻlar ana shu akkumulyativ tekisliklardan boshlanadi.
Iqlimi
Fargʻona vodiysining iqlimikontinental iqlim hisoblanadi. Yilning oʻrtacha harorati gʻarbdan sharqqa tomon pasayib boradi. Soylik iqlimining shakllanishida gʻarbdan esadigan shamolning roli katta. Gʻarbdan esuvchi shamol bahor faslida tez-tez esib, baʼzan nam, baʼzan quruq havo olib keladi. Yanvar oyida oʻrtacha harorat Qoʻqonda —2,3°, Kampirravotda — 4,8°ni tashkil etsa, eng past temperatura Qoʻqonda —27,9°, Kampirravotda —32° hisoblanadi. Yozda (iyul oylarida) oʻrtacha temperatura Fargʻona, Andijon, Namanganda 26,3°, Qoʻqonda 27,5°. Eng yuqori temperatura shu hududlarda 40—44° gacha koʻtariladi. Vegetatsiya davri 270 kun hisoblanadi. Yogʻin miqdori gʻarbida 80-100 mm, sharqida 150-200 mm, janubiy-gʻarbida 74 mm va shimolida 200- 300 mm ni tashkil qiladi. Yogʻingarchilik, asosan, bahor oylarida kuzatilib, yoz oylarida deyarli yogʻin yogʻmaydi. Qoʻqon va Bekoboddan esuvchi shamollar eng kuchli shamollar hisoblanadi.
Tuproq qoplami, asosan, sugʻorishni notoʻgʻri tashkil etish, tuproqqa oʻgʻitlarni haddan tashqari koʻp sepish oqibatida oʻzgargan, ularning shoʻrlanishi, botqoqlanishi va eroziyalanishiga kelib qolgan. Vodiyning gʻarbiy qismida, yaʼni togʻli chala choʻl zonasida shuvoq — shoʻr oʻsimliklari koʻplab uchraydi. Vodiyning markaziy qismida esa yarim choʻl va choʻl oʻsimliklari boʻlgan qisman qum va shoʻrlangan tuproqlar bilan qoplangan Yozyovon va Qoraqalpoq dashtlari joylashgan. Ayni paytda Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi ikki ming gektar cho‘l O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan tabiat yodgorligi maqomini olgan.
Aholining katta qismi qishloq xoʻjaligi bilan faoliyat olib boradi. Sugʻoriladigan yerlardapaxta, sholi, bogʻlar, uzumzorlar, poliz ekinlari, sabzavotzorlar toʻplangan, togʻ oldi hududlarida yomgʻirli qishloq xoʻjaligiga moshlashgan ekinlar ekiladi. Choʻl tekisliklarining bir qismi yil boʻyi yaylov, efemer oʻsimliklari boʻlgan adirlar esa bahorgi yaylov boʻlib xizmat qiladi.
Biroq davlat chegaralarining notekisligi transport aloqalarini birmuncha murakkablashtiradi.
Farg‘ona vodiysi ipakchilikning 1500 yillik tarixiga ega yirik hududlardan biri hisoblanadi.
Aholisi
Fargʻona vodiysi 3 ta viloyati (Andijon, Fargʻona va Namangan) aholisining umumiy soni 10,081 ming kishi (2022) tashkil etadi. Viloyatlar kesimida esa Andijonda 3253.5 ming kishi, Namanganda 2931.5 ming kishi Fargʻonada 3896.4 ming kishi (2022) istiqomat qiladi. Fargʻona vodiysida urbanizatsiya darajasi va aholi zichligi juda yuqori hisoblanadi.
Adabiyotlar
Akramov 3., Jemchujina Sredney Azii, M., 1960; Ferganskaya dolina, t. 1, T., 1954.