Belorussiya Sovet Sotsialistik Respublikasi, Belorussiya SSR (belaruscha: Беларуская Савецкая Сацыялiстычная Рэспубліка; ruscha: Белорусская Советская Социалистическая Республика) — Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan respublikalarning biri. 1920–1922-yillarda mavjud boʻlgan, 1922-yildan 1991-yilgacha Sovet Ittifoqi tarkibidagi oʻn besh respublikaning biri boʻlgan. 1990-yildan 1991-yilgacha oʻz qonunchiligiga ega boʻlgan. Respublikani Belorussiya Kommunistik partiyasi boshqargan. Ayrim manbalarda Sovet Belorussiyasi deb yuritiladi.
Belorussiya SSR poytaxti Minsk shahri boʻlgan. Respublika 6 viloyat, 117 rayonga boʻlingan, 96 shahar, 111 shahar tipidagi posyolkasi boʻlgan.[2]
Sovet Ittifoqining soʻnggi yillarida, 1990-yil 27-iyulda Belorussiya SSR Oliy Soveti davlat suvereniteti deklaratsiyasini qabul qildi. 1991-yil 15-avgustda Stanislav Sushkiyevich mamlakatning birinchi prezidenti etib saylandi. Oʻn kundan keyin, 1991-yil 25-avgustda Belorussiya SSR oʻz mustaqilligini eʼlon qildi va davlat nomi Belorussiya Respublikasiga oʻzgartirildi. Oradan toʻrt oyu bir kun oʻtib, 1991-yil 26-dekabrda Sovet Ittifoqi tarqatib yuborildi.
Tarixi
Belorussiyada sinfiy jamiyat 1-ming yillikda vujudga kelgan. 10–12-asr boshida Kiyev Rusi tarkibida Polotsk, Turovo-Minsk va boshqa feodal knyazliklari tashkil topgan. 13–14-asrlarda Belorussiya yerlari Litva Buyuk Knyazligi, 1569-yildan Rech Pospolita tarkibida boʻlgan. 16-asrda belorus xalqi toʻla tarkib topgan. 18-asr oxirida Belorussiya yerlari Rossiya bilan qoʻshilgan.
1861-yilgi dehqonlar islohoti kapitalizm taraqqiyotini tezlashtirgan. 1863–1864-yillarda belorus xalqi Polsha milliy ozodlik qoʻzgʻolonida qatnashgan. 19-asr oxirida dastlabki sotsialist-demokratik toʻgaraklar, 1904-yilda Polese va Shimoli-gʻarbiy qoʻmitalar, 1906-yili RSDRP Litva va Belorussiya viloyati ittifoqi tuzilgan. 1917-yil noyabrda Belorussiyada Sovet hokimiyati oʻrnatilgan.
1918-yilning 19-martida Belorussiya Demokratik Respublikasi mustaqillik eʼlon qilgan. Oʻsha yili fevral-noyabr oylarida Belorussiya hududining koʻp qismini Germaniya qoʻshinlari bosib olgan.
1941-yili Belorussiyani nemis-fashist qoʻshinlari bosib olgan. 1944-yili iyulda Belorussiyani sovet qoʻshinlari qaytadan bosib olgan.
Sovet Ittifoqining soʻnggi yillarida, 1990-yil 27-iyulda Belorussiya SSR Oliy Soveti davlat suvereniteti deklaratsiyasini qabul qildi. 1991-yil 15-avgustda Stanislav Sushkiyevich mamlakatning birinchi prezidenti etib saylandi. Oʻn kundan keyin, 1991-yil 25-avgustda Belorussiya SSR oʻz mustaqilligini eʼlon qildi va davlat nomi Belorussiya Respublikasiga oʻzgartirildi. Oradan toʻrt oy-u bir kun oʻtib, 1991-yil 26-dekabrda Sovet Ittifoqi tarqatib yuborildi.