1969-yilda Brooks Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi prezidenti etib saylangan va 1970-yilda rasman ishlay boshlaydi. 1974-yilda esa Liberiyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili boʻlgan va uning ishi koʻproq sobiq mustamlaka davlatlarni mustaqil davlatlarga aylantirishga qaratilgan edi. Brooks Liberiya davlat kotibi yordamchisi lavozimida ham xizmat qilgan[1]. Uning BMT Bosh Assambleyasidagi doimiy vakillik davri 1977-yilda tugadi va Brooks Liberiya Oliy Sudining sudya oʻrinbosari etib tayinlandi. 4-may kuni prezident Uilyam Tolbert tomonidan nomzod qilib koʻrsatilgan va ikki kundan keyin lavozimga oʻtgan Brooks, Liberiya Oliy Sudida xizmat qilgan birinchi ayol boʻldi[3].
Hayoti
Vai, Grebo va Mandingo xalqlari avlodlaridan boʻlgan Brooks Afrikaning Metodist Episkopal Sion cherkovining kambagʻal ruhoniysi Tomas Jozef va Tereza Ellen Brooksning qizi boʻlgan[4]. Brooks o‘n farzandning ikkinchisi edi. Uning ota-onasi qashshoq bo‘lgani uchun boqishga imkon topolmagan. Shu sababli, ular Brooksni Liberiyaning Monroviya shahrida yashovchi beva tikuvchi ayolning tarbiyasiga berishga majbur bo‘lgan[5][4]. Oʻn bir yoshida Brooks yozuv mashinkasida yozishni oʻrganadi va hujjatlarni nusxalash orqali oʻqishi uchun pul ishlab topadi[5]. Brooks oʻrta maktabda oʻqishini davom ettirish uchun Adliya vazirligida stenotipist sifatida ishlaydi[4]. Oʻn toʻrt yoshida Brooks Richard A.Henriesga turmushga chiqadi[5]. Brooks Henries bilan ikki oʻgʻil koʻradi, ammo keyinchalik ajrashib ketadi[5][4].
Brooksning kotiba va sud stenografi sifatida ishlagani, unda huquqqa boʻlgan qiziqishni uygʻotdi. Sud zallarida ishlayotganda, Brooks koʻplab qonunlarda kamchiliklar borligini bilib qoladi va qonunchilikka kirib, qonunlarni yaxshilashga qatʼiy qaror qilgan[5]. Shu sababli, oʻsha davrda Liberiyada ayol yuristlarga qarshi katta kamsitishlarga qaramay, huquq sohasida oʻqishga qaror qiladi[6]. 1940-yillarda Liberiyada huquqiy taʼlim beruvchi hech qanday huquq maktabi yoʻq edi. Buning oʻrniga Brooks advokatlik imtihonidan oldin Klarens Simpson qoʻl ostida tayyorlanadi[5].
Taʼlim olishga qatʼiy qaror qilgan Brooks AQShning Shimoliy Karolina shtati, Raleigh shahridagi Shaw universitetiga hujjat topshirdi[5]. Ikkita farzandning ajrashgan onasi sifatida Brooksning Amerikaga yoʻl xarajatlarini toʻlash imkoni yoʻq edi. Qabul qilinganidan soʻng, yordam soʻrab Liberiya Prezidenti William Tubmanga murojaat qiladi. Tubman uning qatʼiyatidan taʼsirlanib, uning safar xarajatlarini toʻlashga yordam beradi[5]. Shimoliy Karolinada boʻlganida, Brooks segregatsiyaga (millatchilik) nisbatan shu qadar gʻazablandiki, avtobusda yurishdan bosh tortdi va hamma joyga oʻzi mashinada borishni afzal koʻrdi[5]. 1963-yilda BMT delegati sifatida tayinlangan Brooks Shimoliy Karolina davlat universitetida nutq soʻzlash uchun Raleighga yana qaytib boradi[7]. U yerda bir nechta restoranlarga kirishga uringanida, uning qora tanli ekanligi uchun unga xizmat koʻrsatishni rad etishadi[7]. Diplomat maqomiga ega boʻlsa-da, segregatsiyaning taʼsiridan qutulolmadi. Shimoliy Karolina gubernatori Terry Sanford keyinchalik Brooksdan bu hodisa uchun uzr soʻraydi[7].
Taʼlimi
Shaw universitetida oʻqiyotgan paytida, Brooks „Alpha Kappa Alpha“ qora tanli ayollar jamiyatining „Eta Beta Omega“ xalqaro boʻlimi aʼzosi boʻlgan[5][8]. Brooks oʻz oʻqishini idish yuvuvchi, kir yuvuvchi, kutubxona yordamchisi va hamshira yordamchisi boʻlib ishlash orqali qisman moliyalashtirgan. 1949-yilda Shaw universitetidan ijtimoiy fanlar boʻyicha bakalavr darajasini oldi[1]. Keyinchalik, Viskonsin universitetidan huquq sohasi boʻyicha bakalavr, siyosiy fanlar hamda xalqaro munosabatlar boʻyicha magistr darajalarini olgan[1][5]. Shuningdek, 1952-1953-yillarda London universiteti kollejining huquq fakultetida xalqaro huquq sohasi bo'yicha ta'lim oldi va 1964-yilda Liberiya universitetida fuqarolik huquqi boʻyicha doktorlik darajasini qoʻlga kiritdi[1]. Bundan tashqari, Brooks 1962-yilda Shaw universitetida va 1967-yilda Howard universitetida huquq fanlari doktori darajasini oladi[1].
Oilasi
Angie Brooksning birinchi turmushidan ikkita oʻgʻli bo'lgan: Richard A.Henries II va Wynston Henries. Bundan tashqari, Brooks Marjorie va Eda ismli qizlarga ham vasiylik qildi. Umumiy hisobda, Brooks oʻzini asrab olgan onasi xotirasiga bagʻishlab 47 ta Liberiyalik bolani asrab oladi. Ularning koʻpchiligi Wearleahdagi rezina plantatsiyasida voyaga yetdi[5][6]. Bundan tashqari, Brooks Ruandadagi urushda ota-onasiz qolgan Aida ismli qizni ham oʻz qarmogʻiga olgan[9]. Bolalar taʼlimiga juda qiziqib, Brooks bu maqsadga bagʻishlangan loyihalarga katta miqdorda xayriyalar qildi[5].
Richard A. Henries I bilan ajrashgandan keyin, Brooks Isaac M.Randolphga turmushga chiqdi.
Liberiyaga qaytib, soʻnggi kunlarini oʻtkazishni rejalashtirganiga qaramay, Brooks 2007-yil 9-sentabrda AQShning Texas shtatidagi Houston shahrida vafot etgan[9][10]. Dafn marosimi Liberiyada oʻtkazildi va Montserrado okrugidagi Virjiniya shtatida, tugʻilgan joyiga dafn qilindi[11].