Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) — Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi (XOQ) tan olgan, Milliy Olimpiya qoʻmitalaridan tashkil topgan, beshta qitʼalararo assotsiatsiyadan biri. Osiyo Olimpiya Kengashi — bu 45 ta mamlakatni oʻz ichiga qamrab olgan Osiyo mamlakatlarida Olimpiya harakatini boshqaruvchi organ hisoblanadi.
OOK — Osiyodagi MOQlari faoliyatini tashkil qilish, ishtirokchi mamlakatlarning xalqaro nufuzini koʻtarish, butun Osiyo qitʼasida sportni targʻib etish, shuningdek, yoshlarda jismoniy barkamollik, ahloqiy sifatlarini sport musobaqalari va sport tadbirlari orqali, oʻzaro hurmat, doʻstlik va halol oʻyin sifatlarini oshirish maqsadida tashkil etilgan
Osiyo Olimpiya Kengashi, Osiyodigi mamlakat aʼzolarining sport faoliyatini muvofiqlashtiradi, muntazam ravishda Osiyo oʻyinlari (yozgi, qishki, sohil sporti, jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari) ni tashkil qilishni kafolatlaydi, shuningdek, Osiyo qitʼasida Olimpiya harakatini idealini targʻib qilishdagi bosh organ hisoblanadi. Osiyo Olimpiya Kengashi nafaqat hududiy oʻyinlar tashkilotchisi, balki xalqaro musobaqalar, aʼzo mamlakatlar oʻrtasida bahsli muammolar yuzaga kelganda, ularni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan organdir. OOK ning bosh qarorgohi Quvaytda joylashgan.
OOK ning tashkil qilinish tarixi
Osiyo Olimpiya Kengashi tashkil qilinishi 1948-yili Londondagi 14-Olimpiya Oʻyinlari davomida, Osiyo mamlakatlari ishtrokchilari, Osiyo oʻyinlari sport assotsiatsiyasini tashkil qilish tashabbusi bilan chiqishdi. 1949-yil Nyu-Delidagi assambleyada Osiyo Oʻyinlari Federatsiyasi maqomi ostida tashkil qilindi. Osiyo Oʻyinlari Federatsiyasining 1981-yil 26-noyabrdagi yigʻilishida Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK)ni tashkil qilishga kelishib olindi. Yigʻilish mobaynida OOKning Ustavi va asosiy tamoyillar qabul qilindi va 1982-yilda Nyu-Delidagi Osiyo oʻyinlaridan keyin kuchga kirishi tasdiqlandi. Rasmiy ravishda Osiyo Olimpiya Kengashi 1982-yil 16-noyabrda Nyu-Delidagi Bosh Assambleya davomida tashkil qilingan. Xuddi shu yili Osiyo Olimpiya Kengashi, Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi eʼtirofiga sazobor boʻldi. 34 ta davlat OOK ning birinchi aʼzo mamlakatlari sifatida qayd qilindi.
OOK ramzi
Osiyo Olimpiya Kengashi ramzi rasmiy ravishda 2006-yilning 2-dekabrida OOKning 25-Bosh Assambleyasida tasdiqlandi. U oʻzida qizil rangdagi 16 ta porlab turgan quyosh nurini, markazda oq rangdagi aylana, quyosh atrofida Ajdar va Lochin aks ettirligan, pastki qismda „Osiyo Olimpiya Kengashi“ yozuvi joylashtirilgan. Ajdar — Sharq va Janubiy-Sharqiy Osiyo xalqlari ramzi boʻlib, omad, boylik, muvaffaqiyat, davlat, mardlik, poklik, joʻshqinlik ramzi hisoblanadi. Lochin — togʻli hududlar ramzi boʻlib, Himolay, Janubiy va Markaziy Osiyo xalqlari ramzi hisoblanadi. U aniqlik, nafosat, kuch, ziyraklik, tezlik, iroda va chiidamlilik sifatlarini oʻzida mujassam etadi.
OOK shiori:
„Doimo olgʻa“ - "Ever onward"
OOK bayrogʻi
Osiyo Olimpiya Kengashi bayrogʻi Osiyo Olimpiya Kengashi emblemasi tikilgan oq matoni oʻzida namoyon etadi. Osiyo Olimpiya Kengashining barcha ramzlari OOK ning mulki hisoblanadi, ulardan Osiyo Olimpiya Kengashi Prezidenti ruxsatisiz foydalanish mumkin emas.
OOK aʼzo mamlakatlari
Quyida Osiyo Olimpiya Kengashiga aʼzo mamlakatlar koʻrsatilgan. Toʻrtinchi qatordagi birinchi yil Milliy Olimpiya qoʻmitasiga asos solingan yilini bildirsa, ikkinchisi Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi tomonidan tan olingan yilni bildiradi. Misol Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga 1992-yil asos solingan, 1993-yil XOQ tomonidan tan olinilgan.