Microsoft Office 2003 (kod nomi Office 11[9]) — Microsoft tomonidan Windowsoperatsion tizimi uchun ishlab chiqilgan va tarqatilgan ofis toʻplami. Dastlab, Office 2003 2003-yil 19-avgustda rivojlantirish va sinov uchun chiqarildi[1] va keyinchalik Windows XP taqdim qilingandan roppa-rosa ikki yil oʻtib, 2003-yil 21-oktyabrda chakana sotuvga chiqarildi[10]. Office 2003 “Office XP”dan keyingi va “Office 2007”dan oldingi mahsulot edi. Mac OS X operatsion tizimi uchun Microsoft kompaniyasi Microsoft Office 2004ni 2004-yil 11-mayda ishlab chiqdi.
Office 2003ning yangi xususiyatlari axborot huquqlarini boshqarish; yangi hamkorlik dasturlari; XML, aqlli teglar, SharePointni qoʻllab-quvvatlashni yaxshilash; Office onlayn xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish boʻldi[11]. Office 2003 Office mahsulotlari qatoriga ikkita yangi dasturni qoʻshib taqdim etadi: InfoPath, elektron tuzilgan maʼlumotlar shakllarini loyihalash, toʻldirish va yuborish dasturi; va OneNote, diagrammalar, grafikalar, qoʻlda yozilgan eslatmalar, yozib olingan audio va matnlarni yaratish va tartibga solish uchun eslatma yaratish dasturi[12]. Shuningdek, u raqamli tasvirlarni ochish, boshqarish va almashish uchun Picture Manager grafik dasturini taqdim etadi[11].
Office 2003 chiqarilishi bilan Microsoft kompaniyasi mahsulot toʻplamini axborot xodimlariga bagʻishlangan integratsiyalashgan tizim sifatida rebrend qildi. Natijada, Microsoft barcha dasturlarning nomlariga „Office“ brendini qoʻshdi[13]. Office 2003 Windows XPning ranglari va vizual uslublarini[14] va yangilangan piktogrammalarini qoʻllab-quvvatlaydigan birinchi versiya boʻldi [13]. Office logosi ham yangilandi[15]. Office 2003 barcha dasturlarda anʼanaviy menyu paneli va uskunalar paneli interfeysini oʻz ichiga olgan Officening soʻnggi versiyasi[16], shuningdek, standart fayl formati sifatida „97 — 2003“ fayl formatini oʻz ichiga olgan oxirgi versiyasi[17].
Microsoft kompaniyasi Office 2003 uchun jami uchta xizmat paketini chiqardi. 1-xizmat paketi 2004-yil 27-iyulda[18], 2-xizmat paketi 2005-yil 27-sentyabrda[19] va 3-xizmat paketi 2007-yil 17-sentabrda chiqarilgan[3].
1-xizmat paketini qoʻllab-quvvatlash 2006-yil 11-iyulda, 2-xizmat paketini qoʻllab-quvvatlash Windows 2000 uchun qoʻllab-quvvatlash tugatilgan bir xil sanada yaʼni 2010-yil 13-iyulda yakunlandi va 3-xizmat paketini qoʻllab-quvvatlash 2014-yil 8-aprelda tugatildi[20] bu esa Windows XP uchun qoʻllab-quvvatlash tugatilgan sana bilan bir xil[21].
Yangi xususiyatlar
Word, Excel, PowerPoint va Access asosiy ilovalarining Office XPdan farqi faqat kichik yangilanishlar edi. Outlook 2003 koʻplab sohalardagi funksiyalarni yaxshiladi, jumladan, elektron pochta va taqvim almashish va maʼlumotlarni koʻrsatish, toʻliq Unicode qoʻllab-quvvatlash, papkalarda qidiruv, rangli bayroqlar, Kerberos autentifikatsiyasi, HTTP orqali RPC va keshlangan almashinuv rejimi. Outlook 2003`ning yana bir muhim afzalligi spam xabarlar filtrini yaxshilanganligi edi. Ishlab chiqaruvchi dasturlarda Planshet va qalamni qoʻllab-quvvatlash ham taqdim qilindi. Word 2003 oʻqish tartibi koʻrinishini, ovozli sharhlar va boshqa xususiyatlar qatorida XML formatini taqdim etdi. Excel 2003 roʻyxat buyruqlari, baʼzi statistik funktsiyalar va XML maʼlumotlarini import qilish, tahlil qilish va oʻzgartirish/hujjatlarni sozlash xususiyatlarini taqdim etdi. Access 2003 boshqa funksiyalar qatorida zaxiralash buyrugʻini, obyektga bogʻliqliklarni koʻrish qobiliyatini, shakllar va hisobotlardagi xatolarni tekshirishni taqdim etdi.
Access 2.0 maʼlumotlar bazasini oʻzgartirish uchun yordamchi dasturni oʻrnatish kompakt diskidan oʻchirildi va Access uchun Client Server Visual Design Tools endi olib tashlandi[22].
Koʻp sonli konvertorlar va filtrlar oʻrnatish kompakt diskidan oʻchirildi. Bir nechta xalqaro shrift variantlari ham olib tashlandi[22]
Genigraphics Wizard`ni qoʻllab-quvvatlash va taqdimotlarni koʻrsatish PowerPoint 2003`dan oʻchirib tashlandi[22].
Microsoft Draw Converter va Organization Chart Converter`lar ham endi mavjud emas[22].