Mavlono Faxriy, Sulton Muhammad ibn Amir Muhammad (15–16-asr) – shoir va adabiyotshunos, Navoiy asarlari tarjimoni.
Ijodi
Mavlono Faxriy “Majolis un-nafois”ni “Latoifnoma” nomi bilann forsiy tilga tarjima qilib, unga 189 yangi shoir haqidagi maʼlumotni qoʻshgan. Mavlono Faxriyning “Tuhfat ul-habib” (Doʻstlar tuhfasi), “Javohir ul-ajoyib”, “Ravzat us-salotin” (Sultonlar jannati) kabi turli mavzudagi asarlari va “Sanoeʼ ul-hasan” (Goʻzal sanʼatlar) nomli badiyat masalalariga bagʻishlangan risolasi, “Radoyif ul-ashʼor” deb atalgan har xil shoirlar sheʼriyatidan radiflar boʻyicha tuzilgan majmuasi maʼlum.
Shuningdek, “Haft kishvar” (Yetti mamlakat) nomli afsona, asotirlar va axloqiy masalalardan bahs etuvchi asar, taxminan 5 ming baytdan iborat sheʼrlar devoni ham Mavlono Faxriyga nisbat beriladi.
Navoiy eʼtirofi
Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”ning toʻrtinchi majlisida Mavlono Faxriyning nomini tilga olib, quyidagi matlaʼsini keltiradi:
Gufti, ki hargizam ba tudil mehrubon nabud,
Ey sarvi nozanin, ba tuam in gumon nabud.
(Mazmuni: Ey sarvi nozanin, hech qachon senga dil mehribon boʻlmagan, deb aytding. Sendan mening bunday gumonim boʻlmagan)[1][2].
Vafoti
Mavlono Faxriy taxminan 969–970-hijriy-qamariy (milodiy hiosbda 1562–63) yilda Hindistonda vafot etgan.
Manbalar
- ↑ Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at.
- ↑ Majolis un-nafois.