Gʻarbiy osiyo, Old Osiyo - Osiyo qitʼasining gʻarbiy va jan.-gʻarbiy qismida joylashgan hududlarning shartli nomi. Gʻarbiy Osiyoga tabiiy jihatdan Kichik Osiyo, Arabiston, Sinay yarim orollari va ularga yondosh orol va hududlar (Kipr, Kavkaz boʻyni, Sharqiy Tavr togʻlari va Eron togʻligining katta qismi, Mesopotamiya pasttekisligi hamda Oʻrta dengizning sharqiy sohilidagi hududlar, xususan, Levant oʻlkalari) kiritiladi. Maydoni 7,5 mln. km2. Tektonik tuzilishiga koʻra Ara-biston va Sinay yarim orollari qad. Gondvana materigining boʻlaklari boʻlib, platforma tuzilishiga ega. Gʻarbidan Katta Afrika yer yorigʻining shim. qismi oʻtgan. Iordan daryosi vodiysi, Oʻlik dengiz, Aqoba qoʻltigʻi, Qizil dengiz shu yoriqda joylashgan. Gʻarbiy Osiyoning katta qismi togʻlardan iborat. Kichik Osiyo, Kavkaz jan. va Sharqiy Tavr togʻlari Alphimolay geosinklinal oʻlkasida. Relyefi notekis, baland yosh tizmalar keng va chuqur vodiylar bilan kesilgan. Seysmik faol zona, harakatdagi va soʻngan vulkanlar bor. Iqlimi subtropik va quruq tropik. Arabiston yarim orolning katta qismi choʻl, koʻp qismi qumli choʻllar, shim.da quruq dashtlar bor. Kichik Osiyoning shim. qismlari, Kavkaz jan.-gʻarbining iklimi nam subtropik boʻlib, doim yashil oʻrmon va butazorlar bilan qoplangan. Gʻarbiy Osiyo neft va gazga eng boy oʻlkalardan. Qad. madaniyat markazlaridan. Suv bor joylar qadimdan oʻzlashtirilib, vohalarga aylantirilgan. Yirik shaharlar bor. Xristian, yahudiy, islom dinlarining markazi.
Gʻarbiy Osiyoda Armaniston, Bahrayn, BAA, Gruziya, Iordaniya, Iroq, Isroil, Kipr, Quvayt, livan, Misr (Osiyo qismi), Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Suriya, Turkiya, Ummon, Falastin, Eron, Yaman, Qatar davlatlari joylashgan.