Counter-Strike Online (CSO) – Osiyo oʻyin bozori uchun 2008-yilda ishlab chiqarilgan birinchi shaxsdan taktik otishma janridagi videooʻyin. Oʻyin Valve boshqaruvi ostida Janubiy Koreyaning Nexon kampaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Shuningdek, Valve korporatsiyasi oʻyin litsenziyasining egasidir. Oʻyin Counter-Strikeʼga asoslangan boʻlib, "Counter-Strike: Condition Zero"ning remeykidir.
"Counter-Strike Online"da faqatgina koʻp oʻyinchili rejimlar bor. Oʻyinda Steamʼning mikrotoʻlov modeli ishlatiladi[1], yaʼni unda „dekoder“ deb ataladigan valyuta sotib olish mumkin. Bunday valyuta evaziga tekin versiyadagiga qaraganda anchayin kuchli qurollar olsa boʻladi.
Umumiy tushuncha
Oʻyinda xalqaro Counter-Strikeʼga qaraganda bir muncha qoʻshimchalar mavjud, masalan, ayol personajlar, koʻplab yangi qurollar bilan birga ularga qoplamalar. Qurollarning aksariyati standart boʻyicha qulflangan boʻladi. Ularni sotib olish uchun virtual pul yoki oʻyin ichidagi ochkolar muhim ahamiyatga ega. Aksariyat maxsus qurollar, qoplamalar, kuchaytirgichlar va boshqalarni naqd pul bilan sotib olish mumkin. Oʻyin ichidagi ochkolar bilan boshqa turli xil maxsus narsalarni ham sotib olish mumkin.
Counter-Strike Online oʻzi tekin oʻyin boʻlsa-da, baʼzi qurollar haqiqiy pulga ayirboshlanadigan ochkolar evaziga sotib olinadi. Bunday qurollarning amal qilish muddati mavjud, muddat tugaganidan keyin esa sotib olingan qurol inventardan yoʻqoladi. Biroq aksiyalar chogʻida sotib olingan qurol butunlayga qoladi. Oʻldirish va topshiriqlarni bajarish evaziga ochkolarga erishib, ular bilan qurol va buyumlarni sotib olish mumkin.
Turnirlar
Kunshan shahri mezbonlik qilgan World Cyber Games 2012 Grand Finals bellashuvida Counter-Strike Online boʻyicha turnir boʻlib oʻtdi. Unda Xitoy, Tayvan, Malayziya va Janubiy Koreya jamoalari bellashdilar[2]. Turnirda Xitoyning TYLOO jamoasi gʻolib chiqdi.
Counter-Strike Nexon: Zombies
Counter-Strike Nexon: Zombies 2014-yilning 7-oktyabrida Gʻarb mamlakatlari uchun Steamʼda chiqariladi[3]. Counter-Strike Nexon: Zombies oʻyinining nomi 2019-yilda Counter-Strike Nexon: Studioʼga oʻzgartirildi.
2018-yilning yozida Steam Web API himoyasidagi zaifliklar bois, Counter-Strike Nexon: Zombiesʼni Steamʼda atiga bir marta boʻlsa ham oʻynagan oʻyinchilarning soni 5 222 958 tani tashkil etishi maʼlum boʻladi[4].
Kutib olinishi
Onlayn sharhlovchi MMOhuts Counter-Strike Onlineʼga 3/5 baho berdi. Ular oʻyinning asl Counter-Strikeʼga oʻxshashligini taʼkidladilar. Shuningdek, oʻyin Janubi-Sharqiy Osiyodan tashqarida serverlar joylashuvi sababli juda yuqori kechikish (ping) kuzatilayotganini tanqid qilishdi[5]. NoGameNoTalk sharhlovchisi onlayn versiyaning yangi uchta oʻyin rejimini original oʻyindagining yaxshilanishi oʻlaroq eʼlon qilib, iltifot koʻrsatdi[6]. FilePlanet esa oʻyinning geympleyi va qurol-yarogʻlari uchun oʻrtachadan yuqoriroq baho qoʻydi (7.1/10). Shu bilan birga Osiyodan tashqaridagi kechikish vaqtlarini, shuningdek, oʻyin eski boʻlib koʻrinishi va tuyulishini taʼkidladi[7].
Manbalar
Havolalar