Bar-mitsva - (ibr. «buyurilgan amrlar o‘g‘li»), bat-misva (ibr. «buyurilgan amrlar qizi») - yahudiylikda bola balog‘at yoshi (o‘g‘il bolalar 13 yoshu 1 kun; qiz bolalar 12 yoshu 1 kun)ga yetgani munosabati bilan o‘tkaziladigan marosim. Yahudiylik qoidalariga ko‘ra, bola balog‘at yoshiga yetgach, o‘z xatti-harakatlariga javobgar bo‘ladi. Balog‘at yoshiga yetgan bola yahudiylikda buyurilgan diniy, etik majburiyatlarning barchasini o‘z zimmasiga oladi va yahudiy jamoasi hayotining barcha jabhalarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Bar misvani nishonlash amaliyoti tarixi TaNaX, Mishna va Talmud davrida bo‘lmagan. Chiqish va Sonlar kitobida armiyada xizmat qilish yoshi 20 yosh deb belgilangan. 13 yosh esa Mishnada kishi Tavrot qonunlariga amal qilishi kerak bo‘lgan yosh sifatida qayd etiladi: “Besh yoshdan Yozma Tavrotni, o‘n yoshdan Mishnani o‘rganadi hamda 13 yoshdan boshlab barcha amrlarga bo‘y so‘nadi”. Bar-Misva atamasi ilk bor Talmudda (V asr) Tarot qonunlari joriy qilingan kishiga nisbatan qo‘llangan. Talmudda aytilishicha, bola 13 yoshu 1 kunlik bo‘lgach, bolaning qasamyodi yuridik kuchga ega bo‘ladi va bu narsa uni “er kishi” sifatida bo‘lganiga dalolat qiladi.
Bar-Misva yoshiga yetgan bola ba’zi huquq va majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi. Jumladan, o‘z harakatlariga javobgarlik, minyanda ishtirok etish va Tavrotni o‘qishga taklif etilish, mulkka ega bo‘lish, uylanish, Tavrotda kelgan 613 ta buyruq va ta’qiqlarga amal qilish.
Yahudiy diniy jamoalari orasida kishi 83 yoshga to‘lgach, ikkinchi bar-misvani nishonlash urfi mavjud. Buning mohiyati odatiy hayot davomiyligi 70 yoshni tashkil etadi. Shu sababli, kishi 83 yoshda 13 yosh sifatida e’tirof etiladi. So‘nggi yillarda bu amaliyot keng yoyilayotganini ko‘rish mumkin. Bar-Misvani nishonlayotgan bolaga hadyalar berish odati mavjud.
Manbalar
Adabiyotlar
- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.