Avstriya-Vengriya imperiyasi – Avstriya va Vengriyaning hukmron sinflari oʻrtasidagi bitim asosida 1867-yilda Avstriya imperiyasini qayta tuzish natijasida tashkil topgan dualistik (birlashgan ikki davlatli) monarxiya. Bu monarxiya: Avstriya (Sis-leytaniya) va Vengriya qirolligi (Transleytaniya)dan tashkil topdi. Avstriya tarkibiga Chexiya, Moraviya, Galitsiya, Bukovina va boshqa yerlar, Vengriya qirolligiga Slovakiya, Xorvatiya, Transilvaniya va boshqa yerlar kirdi. Oʻsha yili yangi konstitutsiya qabul qilindi. Avstriya-Vengriya imperiyasi hokimiyatini Avstriya imperatori boshqardi (u Ven-griya qiroli degan unvonga ham ega edi). Imperator hokimiyati rasman Avstriyada reyxstag, Vengriyada seym tomonidan cheklandi. Butun imperiya boʻyicha uch ministrlik: 1) tashqi ishlar; 2) harbiy va dengiz; 3) moliya ministrliklari tashkil etildi. Harbiy va dengiz hamda moliya ministrliklari imperiyaning har ikki qismida ham mavjud edi. Boshqa ministrliklar Avstriyada ham, Vengriyada ham mustaqil ish yuritgan. 1867-yil bitimiga binoan, Vengriya oʻz parlamentiga, ministrliklariga, siyosiy va ma’muriy muxtoriyatga ega boʻldi. Birinchi jahon urushida Avstriya-Vengriya imperiyasining magʻlubiyati va milliy ozodlik kurashlari natijasida 1918-yilning oxirida Avstriya-Vengriya imperiyasi parchalanib ketdi. Avstriya-Vengriya imperiyasi oʻrnida Avstriya, Vengriya, Chexoslovakiya davlatlari tuzildi, hududning bir qismi esa Yugoslaviya, Ruminiya va Polsha tarkibiga kiritildi[2].