Arnasoy tumani – Jizzax viloyatidagi tuman, 1975-yil 26-noyabrda tashkil etilgan. Shimoliy va shimoli-gʻarbda Forish tumani, janubida Zafarobod tumani, janubi-sharqda Paxtakor tumani, sharqda Doʻstlik tumani, shimoli-sharqda Mirzachoʻl tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 1.23 ming km². Aholisi 145000 mingdan ortiq kishi (2022). Arnasoy tumanida 6 Qishloq fuqarolari yigʻini (Doʻstlik, Zarafshon, Usmon Yusupov, Choʻlquvar, Yangiboʻston, Gʻalaba) bor. Markazi – Gʻoliblar shahri.
Tabiati
Tuman relefi asosan tekislik va pasttekisliklardan iborat. Yer yuzasi shimoliy va shimoli-gʻarbdan janubiy va janubi-sharqqa tomon asta-sekin koʻtarila boradi. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi – 5° C, iyulniki 30° gacha. Yiliga oʻrtacha 150-300 mm yogʻin tushadi. Arnasoy tumanining shimoliy qismida Aydar koʻli joylashgan. Tuprogʻi asosan boʻz-qoʻngʻir tuproq, shimoli-sharqiy qismida qisman shoʻrxoklar bor. Tumanning choʻl joylarida chala butalar, saksovul, efemer va efemeroidlar oʻsadi. Kemiruvchilardan qoʻshoyoqlar, yumronqoziq, quyon; sudralib yuruvchilardan kaltakesak, ilonlar; yirtqichlardan boʻri, tulki, boʻrsiq; hasharotlardan chayon, falanga; qushlardan toʻrgʻay, soʻfitoʻrgʻay, boyoʻgʻli yashaydi. Arnasoy tumani hududida Arnasoy davlat ornitologiya buyurtma hududi tashkil etilgan[1].
Aholisi: asosan, oʻzbeklar; shuning-dek rus, qozoq, tojik, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km²ga oʻrtacha 90 kishi[2].
Xoʻjaligi
Arnasoy tumani xoʻjaliklari paxtachilik, gʻallachilik, polizchilik, chorvachilik, baliqchilikka ixtisoslashgan. Paxta tozalash zavodi, 5 paxta tayyorlash punkti bor. Arnasoy tumanida 7 jamoa xoʻjaligi, 11 tokchilik xoʻjaligi mavjud. 20 ming ga yerga paxta, 5 ming ga yerga gʻalla, qariyb 1000 ga yerga sabzavot ekiladi; tokzor va bogʻlar 1000 ga ni tashkil qiladi[3].1996/97 oʻquv yilida 11 umumiy taʼ-lim maktabida 4 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oldi. 60 ta bolalar bogʻchasida qariyb 21000 nafar bola tarbiyalanmoqda. 4 ta klub, 6 ta madaniyat markazi, 10 ta kutubxona, 3 ta kasalxona, 2 ta ambulatoriya boʻlib, 90 nafar vrach, 150 dan ziyod oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. „Arnasoy tongi“ tuman gazetasi 1977-yildan chiqadi[4].
Rasmlar
-
Jizzax viloyati Arnasoy tumani madaniyat markazi binosi
-
Arnasoy tumani Hokimiyat binosi
-
Arnasoy tumani Manaviyat va Marifat markazi
-
Aydar Arnasoy ko'li
-
Ko'l yonbag'ridagi adirlar
-
Arnasoy tumani sog'liqni sog'lomlashtirish markazi
-
Hokimiyat binosi yon tarafdan
Manbalar