Anna Olehivna Muzychuk (ukraincha: Анн́а Оле́гівна Музичу́к; 1990-yil 28-fevralda tugʻilgan) — grossmeyster unvoniga ega boʻlgan ukrainalik shaxmatchi . U shaxmat tarixida FIDE reytingida 2600 ball olgan toʻrtinchi ayoldir. U jahon reytingida 197-oʻrinda, ayollar oʻrtasida esa 2-oʻrinda turadi. Muzychuk shaxmatning tezkor yoʻnalishlarii boʻyicha uch karra jahon chempioni boʻlib, 2014-yilda bir marta shaxmatning rapid yoʻnalishi boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida va 2014, 2016-yillarda ikki marta ayollar oʻrtasida blits shaxmat boʻyicha jahon chempionatida gʻolib chiqqan. Klassik shaxmat boʻyicha u 2017-yilgi ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida ikkinchi oʻrinni egallagan.
Muzychuk shaxmatchilar oilasida oʻsgan. Uning singlisi Mariya ham grossmeyster boʻlgan va ota-onasi shaxmat boʻyicha murabbiy boʻlib ishlaydi. Ota-onasi Anna Muzychukka ikki yoshidanoq shaxmat oʻyinini oʻrgatgan va u olti yoshida 8 yoshgacha boʻlgan qizlar toifasida yoshlar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha Yevropa chempionatida gʻolib chiqadi. Keyinroq 10 yoshgacha, 12 yoshgacha va 14 yoshgacha boʻlgan qizlar toifasida ham gʻoliblikni qoʻlga kiritadi. Shuningdek, 16 yoshgacha va 20 yoshgacha boʻlgan qizlar toifasida yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatlarida gʻolib boʻladi. U 17 yoshida xalqaro usta (IM) va 21 yoshida grossmeyster unvonini qoʻlga kiritadi.
2004-yildan 2014-yilgacha Muzychuk Ukraina shaxmat federatsiyasi bilan kelishmovchiliklar tufayli Sloveniya sharafini himoya qilgan. U 2011-yilda Sloveniyada shaxmat boʻyicha ayollar jamoalari oʻrtasidagi Yevropa chempionatida yakkalik bahsida oltin medalni qoʻlga kiritadi va keyinchalik Ukraina federatsiyasiga qatganidan soʻng, 2016-yilda ayollar shaxmat olimpiadasida shaxsiy oltin medalini qoʻlga kiritadi.
Anna Muzychukning singlisi Mariya klassik shaxmat boʻyicha 2015-yilgi ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻolib boʻlgan. Muzychuk 2017-yil oxirida FIDEning Saudiya Arabistonida ayollarga nisbatan cheklov siyosatiga qaramay, musobaqalarni oʻtkazish qarori tufayli Jahon Rapid va Blits chempionatiga boykot qilgani uchun ommaviy axborot vositalarining eʼtiborini tortadi.
Yoshlik davrlari
Anna Muzychuk 1990-yil 28-fevralda Lvovda Nataliya va Oleh Muzychuk oilasida tugʻiladi[1][2]. Anna va Mariya ikki yoshida ota-onalaridan shaxmat oʻynashni oʻrganishgan va ikkalasi ham Lvov davlat jismoniy tarbiya instituti sport maktabida shaxmat boʻyicha murabbiylik qilish yoʻnalishida tahsil olib, shu vaqtdan buyon maktabda ishlab, dars berishgan. Ularning otasi dastlab odamlarga katta shaxmat taxtasi joylashgan parkda donalarning qanday harakatlanishini oʻrgatgan. Anna besh yoshida shaxmat boʻyicha musobaqalarda qatnasha boshlagan. Maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi shaxmat turnirida ham, Lvov viloyati chempionatining 10 yoshgacha boʻlgan qizlar toifasida ham ikkinchi oʻrinni egallagan. U oʻn yoshga toʻlganda ota-onasini ham magʻlub etadigan darajaga erishadi. Muzychuk taxminan 14 yosh boʻlganida, unga ikki yil davomida Roman Kozelov murabbiylik qiladi. Oʻsha paytda u hali ham Stryi gimnaziyasida maktabga qatnar edi. Taxminan shu vaqt ichida u ukrainalik grossmeyster (GM) Orest Gritsak bilan ham qisqa vaqt shugʻullanadi. Annaning oilasi oʻsha paytlarda grossmeysterlar bilan mashgʻulot oʻtkazish uchun imkoniyatga ega emas edilar[1][2][3][4].
14 yoshida Muzychuk Ukraina shaxmat federatsiyasi bilan ziddiyatlari tufayli federatsiyasini Ukrainadan Sloveniyaga oʻzgartiradi. Uning muammolaridan biri Ukraina terma jamoasiga kiritilmagani boʻlsa, yana biri 13 yoshida shaxmat boʻyicha Ukraina chempionatida gʻalaba qozonganiga qaramay, ayollar shaxmat olimpiadasida qatnashish imkoniyatiga ega boʻlmagani edi. Taxminan bir vaqtning oʻzida Yevropa shaxmat ittifoqi prezidenti boʻlgan sloveniyalik Boris Kutin Muzychukga Sloveniya vakili boʻlish imkoniyatini taklif qiladi va Anna bu taklifni qabul qildi. Keyingi oʻn yil davomida u Sloveniya terma jamoasida oʻynagan boʻlsa-da, 2014-yilga kelib Ukrainaga qaytib keladi[4][5][6].
Shaxmatdagi faoliyati
1996-2004: Yoshlar oʻrtasida olti karra Yevropa chempioni
Muzychuk oʻsmirlar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha Yevropa chempionatida uzoq vaqt muvaffaqiyatga erishadi. Olti yoshidan (1996-yil) boshlab oʻn toʻrt yoshigacha (2004-yil) 6 marta oltin medalni qoʻlga kiritgan[2] U 1996-yilda 8 yoshgacha boʻlgan qizlar toifasida, 1998 va 2000-yillarda 10 yoshgacha boʻlgan qizlar toifasida ikki marta[7][8], 2002-yilda 12 yoshgacha boʻlgan qizlar toifasida[9] va 14 yoshgacha boʻlgan qizlar toifasida gʻolib chiqqan. Muzychuk 2000-yilda 10 yoshgacha, 2002-yilda 12 yoshgacha va 2004-yilda 20 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasida Ukraina qizlari milliy chempionatlarida gʻolib chiqadi[2]. Jahon miqyosida esa Muzychuk yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatining qizlar toifasida oltin medalni va 2000-yilda esa 10 yoshgacha boʻlganlar darajasida bronza medalini qoʻlga kiritadi.
Muzychuk 2001-yilda ayol FIDE ustasi (WFM) va 2002-yilda ayol xalqaro ustasi (WIM) unvonlariga sazovor boʻladi[10]. U 2001-yil iyul oyida 11 yoshida FIDE reytingini 2197 ball bilan qoʻlga kiritadi[11]. U birinchi marta 2002-yilda, 12 yoshida ayollar oʻrtasidagi Yevropa individual chempionatida qatnashgan[12][13][14]. Uning 2003-yilgi nashrdagi chiqishi, shuningdek, 17 raundlik Lvov turnirida birinchi oʻrinni egallashi, Muzychukning 2003-yil oktyabr oyiga kelib 2300 reytingini egallashiga yordam beradi[11][15][16]. U, shuningdek, ushbu ikki turnirda yetarli miqdordagi Ayol grossmeyster (WGM) normalarini qoʻlga kiritadi va 2004-yilda rasmiy ravishda ayol grossmeyster unvoniga sazovor boʻladi[10][17]. 2004-yil iyun oyining oxirida Muzychuk Sloveniya federatsiyasiga oʻtib ketadi[18].
2005-2010: Yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempioni, xalqaro usta
Yoshlar oʻrtasidagi Yevropa chempionatidagi koʻplab unvonlardan soʻng, Muzychuk nihoyat 2005-yilda 16 yoshgacha boʻlgan qizlar toifasida yoshlar oʻrtasidagi Jahon chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritadi[19]. 2006-yil yanvar oyida u 2400 reytingiga yetib, yil oxiriga kelib reytingda sezilarli oʻsishga erishadi[11].
U 2007-yilda xalqaro usta unvoni bilan taqdirlanadi[10][20]. Bu yillarda u yan 2006-yilgi ayollar oʻrtasidagi yakka tartibdagi Yevropa chempionatida u 7½/11 ball toʻplab, uchinchi oʻrinni egallaydi[21]. Muzychuk 2007-yilda ayollar oʻrtasidagi blits shaxmat boʻyicha Yevropa chempionatida gʻolib chiqadi va ayollar oʻrtasidagi tezkor shaxmat boʻyicha Yevropa chempionatida esa ikkinchi oʻrinni egallaydi[22].
Muzychuk birinchi marta 2008-yilda shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatining knock out turnirida ishtirok etadi. 64 nafar ishtirokchi orasida u 11-raqamli shaxmatchi boʻlib musobaqani boshlaydi va birinchi davrada Mariya Velchevaga qarshi oʻyinda gʻalaba qozonadi. Ikkinchi raundda esa tezkor tay-breyklarda 22-raqamli Dronavalliga yutqazib qoʻyadi[23]. Keyingi ikki yil ichida Muzychuk birinchi navbatda 2500 reytingga erishdi va keyin oʻzining birinchi ikkita GM normasini qoʻlga kiritadi. U 2010-yilda Veyk-an-Zi shahrida boʻlib oʻtgan aylanma tizimli Korus shaxmat turnirida B guruhida yana bir GM meʼyoriga yaqinlashdi. Garchi u normani bajara olmagan boʻlsa ham, turnir gʻolibi Anish Girini magʻlub etgan yagona shaxmatsi sifatida qayd etiladi[24][25]. Oʻsha yozda Muzychuk Polshaning Chotova shahrida 20 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida 11/13 hisobida birinchi oʻrinni egallab, yilning eng yirik gʻalabasini qoʻlga kiritadi[26][27]. U 2010-yilgi ayollar oʻrtasidagi shaxmat boʻyicha jahon chempionatining uchinchi bosqichiga chiqib, uchinchi bosqichda Ju Venjunga yutqazib qoʻyadi[28].
2011-2012: grossmeyster unvoni (21 yoshida), 2600 reyting
Muzychuk 2011-yilda grossmeyster unvoni uchun talablarni bajarishni davom ettiradi[29][30]. U Rostovdagi 2011-12-yilgi FIDE Gran-prisining ochilish bahsida 5½/9 ball bilan toʻqqizta oʻyinlik normani qoʻlga kiritadi[31]. Anna oʻzining toʻrtinchi GM meʼyorini shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi Yevropa chempionatida qoʻlga kiritadi va 21 yoshida grossmeyster unvoniga sazovor boʻladi[32]. Bundan soʻng uning reytingi ham 2580 ga koʻtariladi[11].
Muzychuk 2012-yilda oʻzini koʻrsatishni davom ettiradi va yil oʻrtalarida 2606 reytingga erishadi. Ayollar oʻrtasidagi Yevropa individual chempionatida u faoliyatidagi eng yaxshi natijasini koʻrsatib (8½/11 ball toʻpladi), bronza medalini qoʻlga kiritadi[33][34]. Muzychuk Gran-prida yaxshi chiqishlarini davom ettiradi va Qozondagi tadbirda Koneru Xumpi bilan birga birinchi oʻrinni egallaydi. Tadbir davomida u Judit Polgar, Koneru va Xou Yifandan keyin 2600 reytingiga erishgan toʻrtinchi ayol sifatida qayd etiladi[35][36][37]. Turnir yakuniga koʻra, u avgust oyida dunyodagi shaxmatchilar reytingida 197-oʻrinni egallaydi va Polgardan keyingi ikkinchi eng yuqori reytingga ega ayol boʻladi[38]. Shunga qaramay, umumiy Gran-pri yakuniy turnir jadvalida Muzychuk Koneru va gʻolib Houdan keyin, uchinchi oʻrinni egallab, ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatiga chiqish yoʻllanmasini qoʻlga kirita olmaydi[39][40]. Yil oxirida Muzychuk Amsterdamda boʻlib oʻtgan ACP Golden Classic turnirida qatnashadi va oʻsha paytda 2707 ballga ega boʻlgan grossmeyster Krishnan Sasikirani magʻlub etadi[41][42]. Yil oxirida Muzychuk shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida tezkor tay-breyklarda 30-raqamli shaxmatchi Anna Usheninaga yutqazib, 3-oʻrinni egallaydi[43][44].
2013-2016: Rapid va blits boʻyicha jahon chempioni
Muzychuk 2013-14-yilgi FIDE Gran-pri musobaqalarida yana birinchi oʻrinni va yakunda umumjamoa hisobida toʻrtinchi oʻrinni egallaydi[45]. U 2014-yil boshida Veyk-an-Zi shahrida boʻlib oʻtgan Tata Steel Challengers turnirida 2666 reytingli oʻyinchilarga xos 8/13 ballni toʻplab, toʻrtinchi oʻrinni egallaydi[46]. Ushbu musobaqadan soʻng uning reytingi 2583 ga koʻtariladi. Undan keyingi turnirdan soʻng, uning reytingi 2500 ga tushib ketadi va uch yil oʻtgach, 2017-yilgacha yana 2570 ga koʻtariladi[11]. Muzychukning klassik shaxmat boʻyicha koʻrsatkichlari biroz pasayish davrida boʻlsa-da, Muzychuk tezkor shaxmatda katta natijaga erishadi va aprel oyida ayollar oʻrtasidagi blits shaxmat turi boʻyicha jahon chempionatida gʻolib chiqadi. U turnirda 23/30 natijasini qayd etib, yirik hisobda gʻalaba qozonadi va undan keyin Dzagnidze 2½ ochko kamroq toʻplab ikkinchi oʻrinni egallaydi[47][48]. Ushbu chempionat uning blits-reytingini faoliyatidagi eng yaxshi 2665 reytingiga olib chiqadi[11]. U, shuningdek, oldingi ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida uchinchi oʻrinni egallagan edi[49]. Shaxmatning blits turi boʻyicha jahon chempionatidagi bu gʻalabasi uning Sloveniya bilan soʻnggi yirik gʻalabasi boʻladi. 2014-yil may oyida Muzychuk oʻz vatani Ukraina federatsiyasiga qaytadi[50]. Uning soʻzlariga koʻra, qaytishiga asosiy sabab singlisi Ukraina terma jamoasida oʻynashda davom etayotgani, shuningdek, federatsiyaning yangi prezidenti Viktor Kapustin ham uning qaytishi tarafdori ekanligi boʻlgan[51]. Yil oxirida u 2003-yil chempioni boʻlganidan beri birinchi marta Ukraina ayollar milliy chempionatida oʻynaydi va yana turnirda gʻolib chiqadi[5][52].
Muzychuk 2015-yilda yilning eng yorqin turnirlaridan biri ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida qatnashadi va yaxshi natijasini qayd etadi. Uchinchi raqam ostida u chorak finalga chiqadi. U 62-raqamli shaxmatchi Amina Meziud, 30-raqamli shaxmatchi Aleksandra Goryachkina va 19-raqamli shaxmatchi Lela Javaxishvilini tay-breyksiz magʻlubiyatga uchratadi va chorak finalda ikkinchi tezkor taybreykda 11-raqamli shaxmatchi Pia Kramlingga yutqazib qoʻyadi[53]. Turnir yakunida uning singlisi Mariya finalda gʻalaba qozonadi va Anna qoʻllab-quvvatlash uchun turnir yakunigacha Rossiyaning Sochi shahrida qoladi[54]. 2016-yilning boshida Muzychuk Gibraltar shaxmat festivalida ayollar oʻrtasidagi birinchi sovrinni 7/10 ball bilan qoʻlga kiritadi[55]. Turnir davomida u 2600 balldan yuqori baholangan ikki grossmeysterni, Salem Saleh va Loran Fressineni magʻlub etadi[56][57][57][58]. 2016-yil oxirida Muzychuk Dohada boʻlib oʻtgan shaxmatning rapid turi boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻolib chiqadi. U 1992-yilda Syuzan Polgar va 2014-yilda Magnus Karlsendan keyin bir yilda ikkala musobaqada ham gʻalaba qozongan uchinchi shaxmatchi sifatida qayd etiladi[59][60].
2017-2018: Jahon chempioni
Muzychuk 2017-yili Tehronda boʻlib oʻtgan klassik shaxmat boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻalaba qozonishga yaqin keladi. Ammo, u yerda Tan Zhongyiga yutqazib qoʻyadi. Ikkinchi raqam ostida tasniflangan Anna Muzychuk tay-breyksiz finalga yetib boradi. Xususan, 34-raqamli shaxmatchi Alina Kashlinskaya, 7-raqamli Antoaneta Stefanova va 3-raqamli Aleksandra Kostenyukni magʻlubiyatga uchratadi. Final oʻyinida esa tay-breyklarda yutqazib, ikkinchi oʻrinni egallaydi[61][62].
2018-yilda ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatining ketma-ket ikkinchi pley-of turnirida Muzychuk Stefanova va Kostenyuk bilan ketma-ket raundlarda toʻqnash keladi. U 13-raqamli Stefanovani magʻlub etib, keyingi bosqich chorak finalda Kostenyukka yutqazib qoʻyadi[63].
2019-yildan hozirgi kungacha: 2 ta nomzod turniri gʻolibi
2018-yilgi jahon chempionatidan soʻng, ayollar oʻrtasidagi jahon chempionati match formatiga oʻtadi. Unda amaldagi chempion oʻz unvonini sakkiz oʻyinchi ishtirokida ikki davradan iborat boʻlgan nomzodlar turniri gʻolibiga qarshi himoya qiladi. Muzychuk reyting boʻyicha Nomzodlar turniriga yoʻl olgan shaxmatchilardan biri hisoblanadi[64].
Muzychuk 2020-yil Gibraltar shaxmat festivalida qatnashishni boshlaydi. U ayollar oʻrtasidagi sovrinni qoʻlga kirita olmagan boʻlsa-da, soʻnggi turda isroillik grossmeyster Ori Koboga qarshi oʻtkazgan oʻyini uchun umumiy turnir yorqinligi sovrini bilan taqdirlanadi[65]. 2019-21-yilgi FIDE ayollar Gran-prisida format oʻzgartiriladi. Shunga qaramay, Muzychuk birorta musobaqada gʻalaba qozona olmaydi[66]. Nihoyat, u 2021-yilda boʻlib oʻtadigan ayollar oʻrtasidagi ilk jahon chempionatining yarim finaliga chiqish orqali nomzodlar turniriga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi. U 4-raundda 20-raqamli shaxmatchi Elizabet Paxtz va 5-raqamli shaxmatchi Dzagnidzeni magʻlub etib, soʻnggi turda birinchi raqam ostida saralangan Aleksandra Goryachkinaga yutqazadi[67]. Garchi u uchinchi oʻrin uchun oʻtkazilgan oʻyinda 7-oʻrindagi Tanga yutqazgan boʻlsada, Goryachkina evaziga Jahon kubogi uchun berilgan uchta nomzoddan birini qoʻlga kiritadi[68][69]. Muzychuk yilni Rapid va Blits boʻyicha jahon chempionati oʻyinlari bilan yakunlaydi. U ikkala musobaqada ham kuchli 15 talikdan joy oladi, ammo keyingi bosqichlarda medalgacha yetib bora olmaydi[70][71].
Shaxsiy hayoti
Anna va Mariya Muzychuklar bir-birlarini juda boshqacha xarakterga ega deb bilishsa ham opa-singillar yaxshi, doʻstona munosabatlarga ega. Anna oʻzini xotirjamroq deb hisoblaydi. Uydan tashqarida xarid qilishni yaxshi koʻradigan Mariyadan farqli oʻlaroq, Anna oʻqish yoki film tomosha qilish kabi ishlar bilan vaqt oʻtkazishni afzal koʻradi[4][5]. Ularning bir-biriga qarshi oʻtkazgan barcha klassik oʻyinlari durang bilan yakunlangan boʻlib, blits formatida esa Anna 2 marta gʻalaba qozongan[72].