Akrobatika (yunoncha, akrobotes — oyoq uchida yuraman, yuqoriga chiqaman) — 1) gimnastika shaklidagi jismoniy mashqlar turi; 2) sakrash, sport uskunalariga tayanib yoki ularsiz muvozanatni saqlab bajariladigan, kuch, epchillik namoyish qilinadigan va boshqa maxsus jismoniy mashqlar majmuasi, sport turi. Sport akrobatikasi 20-asr 30-yillarida paydo boʻldi. Bu sport turida sakrash mashqlari quyidagicha bajariladi: aylanishlar, doʻmbaloq oshishlar, salto. Bu harakatlarni bajarganda sportchi avvalo oʻz muvozanatini, soʻng sheriklarining muvozanatini saqlashi zarur.1 Akrobatika musobaqalari quyidagi turlarga boʻlinadi: akrobatik sakrashlar (erkak va ayollar); aralash juftliklar mashqi (erkak va ayol); erkaklar juftlik mashqlari; ayollar guruhli mashqlari; erkaklar guruhli mashqlari (ikki yoki toʻrt kishi); batut (sakragich) ustida (erkaklar va ayollar) mashqlari. Xalqaro sport akrobatikasi federatsiyasiga (1973-yil asos solingan) 29 mamlakat aʼzo (1987). 1974-yildan jahon, 1978-yildan Yevropa chempionati oʻtkaziladi. Akrobatika sporti Oʻzbekistonda 1936-yildan rivojlana boshladi. Oʻzbekiston Respublikasida N. Lakiza, M. Teshaboyev, M. Tojiyev, D. Kostin, R. Isyanov, V. Babich, M. Qodirova, Ya. Muhamedov mashhur akrobatchilardir; 3) sirk sanʼati janri. Misr, Yunoniston, Rim, Vizantiya, Xitoy, Yaponiyada qadimdan maʼlum. Oʻrta asrlarda akrobatika Turkiston masxarabozlik sanʼatidan oʻrin egallab, dorbozlikda keng qoʻllangan. Boshqa mamlakatlarda mim janrida chiquvchilar (Italiyada), jonglyorlar (Fransiyada) faoliyatida namoyon boʻlgan. XVIII asr oxirlaridan sirkda keng tarqaldi. Asosan, dinamik va statik mashqlarga boʻlinadi. Dinamik mashqlar umbaloq oshish, toʻntarilish, salto (turgan joyda muallaq holda umbaloq oshib, yana oʻz vaziyatiga qaytish) harakatlaridan; sta-tik mashklar turli vaziyatda muvozanat saqlash, chalqanchasiga agʻdarilib, gavdani „koʻprikcha“ qilish kabi mashqlardan iborat. Kuch akrobatikasi (qoʻlda yoki boshda turish, muvozanat saqlash), sakrash akrobatikasi (ikki yoki undan ortiq kishining sakrashi, flik-flyak, saltomortale, gʻildiraksimon sakrash va boshqalar), yelka akrobatikasi (3 kishidan kam boʻlmagan holda, ulardan biri yelkadan yelkaga sakraydi), komik akrobatikada (masxarabozlar grimda chiqib tasodifan qoqilib ketgandek boʻlib, tomoshabinlarni kuldiradi, dor, toʻrnik, batut va manej ustida kulgili mashklar bajaradi) va boshqa akrobatika oʻyinlari bor. Ot ustida akrobatika (chopib ketayotgan ot ustida mashqlar bajarish) zamonaviy sirkda asosiy janrlardan biri. Oʻzbekiston sirk va estrada dasturlarida akrobatikadan keng foydalaniladi. Maxsus (sirk, teatr) oʻquv yurtlarida akrobatika alohida darslik sifatida oʻqitiladi[1].
Manbalar
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil