Mazkur xonaqoh Abdulazizxon I davrida, naqshbandiylik tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband qabri yonida joylashgan. Xonaqoh markazida toʻgʻri burchakli yirik zalli frontal kompozitsiyadagi peshtoq-gumbazli binodan iborat boʻlgan. Buxoro xoni ashtarxoniyNodir Muhammad (1642—1645) davrida xonaqoh orqa tomonida hujralar quriladi, natijada xonaqoh rejasi kvadrat boʻlib qolgan va bino tashqi tomonlari bir xil boʻlib qoladi. Xonaqohda marosim oʻtkaziladigan katta xona boʻlib, toʻrt tomoni ikki qavatli hujralar bilan tushgan boʻlgan. Xonaqoh tashqi tomonlari bir xil peshtoqlar bilan ishlangan. Xonaqoh zali gumbaz bilan qoplanib, ichkarisini bezashda „qirma“ usulidan foydalanilgan. Zalda qizil kesak ustiga oq rangli qilib bezak ishlatilgan. 1950—1960-yillarda xonaqoh peshtogʻ’idagi bitik qulab tushgan[1]. Abdulazizxon xonaqohi 34 hujradan iborat. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng, „Meʼmor“ ilmiy-taʼmirlash ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan xonaqohda taʼmirlash ishlari olib borilgan. 1991—1993-yillarda xonaqohning arkalari, gumbazlari, yogʻochlari qayta tiklandi va taʼmirlandi. Xonaqohning balandligi 24 metr boʻlib, taʼmirlash ishlarida Gʻaybulla Muhammedov va Azim Hayitov va boshqa kishilar qatnashgan. Xonaqohning tashqi va ichki qismi, devorlari va gumbazlari toʻliq taʼmirlangan[2].
Meʼmorchiligi
Abdulazizxon xonaqohi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Xonaqoh qurilishida pishgan gʻisht, ganch, yogʻoch va boshqa materiallardan foydalanilgan. Xonaqoh toʻrt tomoni peshtoqli qilib qurilgan.